Xalqimiz odatda Vatan so‘ziga Ona so‘zini qo‘shib talaffuz qiladi: Ona vatan. Bu Vatanning onaday aziz, mehribon, jonkuyarligiga ishora bo‘lsa kerak-da. Axir inson uchun onadan azizroq kishi bormi? Jismu jon ato qilib, yana boshimizda tunlarni bedor o‘tkazgan zotdan, a? O‘ziga bori zahmatlarni olib, rohatni farzandiga ilinganini ta'riflashga har qancha "mehribon" degan so‘z kamlik qilmaydimi? O‘zga jon uchun, uning baxti, kamoli, ertangi kuni deb kerak bo‘lsa, o‘z jonidan ham kechadigan yana kim bor olamda?! Aslida esa, mana shu tuyg‘u, tasavvur, rishta, shuncha mehrning hammasi Vatanning bir parchasi, bir bo‘lagi xolos.